Samarqandda 6 ta avtomobil ishtirokida YTH sodir boʻldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati hududida 6 ta avtomobil ishtirokida yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgani toʻgʻrisida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi maʼlumot berdi.

Unda aytilishicha, kecha, 10-may kuni soat 19:15 lar atrofida Samarqand shahri “Namozgoh” koʻchasida “BYD”, “Tracker”, “Gentra”, “Cobalt”, “Onix” va “Spark” rusumli avtomashinalar ishtirokida yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, “BYD” rusumli transport vositasi haydovchisi belgilangan tezlik meʼyorini oshirib rul boshqaruvini yoʻqotgan va ketma-ket boshqa avtomashinalarga borib urilgan.

Toʻqnashuv oqibatida “Tracker”avtomashinasining yoʻlovchisi tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri boʻyicha IIO FMB JXX YHXB tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

“Barcha haydovchilardan tezlikni meʼyoridan oshirmasliklari hamda harakat davomida hushyor va ehtiyotkor boʻlishlari soʻraladi”, — deyiladi boshqarma xabarida.