BMT kengashi sessiyasida O‘zbekiston e’tirof etildi

27.03.2024 00:00 O'zbekiston 7

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 55-sessiyasida O‘zbekiston Universal davriy sharh doirasida mazkur kengash tavsiyalarini maqbul darajada bajarib kelayotgan davlat sifatida e’tirof etildi.

O‘zbekiston milliy axborot agentligi veb saytida xabar qilinishicha, Jeneva shahrida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan mamlakatimizning BMT huzuridagi Jenevada joylashgan vakolatxonasi va «UPR-Info» xalqaro nohukumat tashkiloti bilan hamkorlikda ayni mavzuda tadbir o‘tkazilgan. Unda Ozarbayjon, Irlandiya, Qirg‘iziston, Litva, Lyuksemburg, Niderlandiya, BAA, AQSH, Serra-Leona, Fransiya va BMT, YUNFPA kabi xalqaro tashkilotlar hamda «Justice for all international» xalqaro nohukumat tashkiloti vakillari ishtirok etdi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi prezidenti, elchi Omar Zniber tadbir ishtirokchilarini qutladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov mazkur tadbirda onlayn ishtirok etdi.

NHBbXyh85a6Ill39nGPeaUHJBsg8yRBd_front

Ma’lumki, 2023-yil noyabr oyida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Universal davriy sharh bo‘yicha ishchi guruhi O‘zbekistonning to‘rtinchi milliy ma’ruzasini ko‘rib chiqdi. Ishchi guruh milliy ma’ruzasini ko‘rib chiqishi chog‘ida 80 dan ortiq davlatdan 234 ta tavsiya bildirildi.  

A.Saidov bu boradagi amaliy hamkorlik va foydali tavsiyalar uchun BMT Kengashiga a’zo davlatlar va BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasiga minnatdorlik bildirdi. «UPR-Info» xalqaro nohukumat tashkiloti O‘zbekistonning Milliy ma’ruzasini tayyorlash jarayonida delegatsiyamiz a’zolarini samimiyat va ishchanlik bilan qo‘llab-quvvatlaganini e’tirof etdi. Shu munosabat bilan ushbu xalqaro NNT rahbariyati va faollariga tashakkur izhor etdi.