Namanganda FVV qutqaruvchisi 3 yoshli bolaning hayotini saqlab qoldi

Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchisi kanalda choʻkib ketayotgan bolaning hayotini saqlab qoldi. Bu haqida vazirlik oʻzining rasmiy Telegram-kanalida maʼlum qildi.

Unda aytilishicha, kecha, 26-aprel kuni Namangan viloyati Davlatobod tumani Favqulodda vaziyatlar boʻlimi qutqaruv qismi qutqaruvchisi Asqarov Ulugʻbek xizmatdan uyga qaytayotgan vaqtda, Yangi Namangan tumani “Mingterak” MFY hududidan oqib oʻtuvchi “Katta Namangan” kanalida 3 yoshli bolani oqib ketayotganligini koʻrib, zudlik bilan suvga shoʻngʻigan hamda choʻkayotgan bolani qutqarib, uning hayotini saqlab qolgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi bergan maʼlumotlarga koʻra, hozirda bolaning ahvoli yaxshi. Ushbu qutqaruv jarayoni mahalliy aholi xonadoniga oʻrnatilgan kuzatuv kamerasiga tushib qolgan.