Birinchi chorakda Oʻzbekistonga 3 millionga yaqin xorijiy sayyoh keldi, turizm eksporti 1 milliard 103 million dollarni tashkil qildi.
Bunday yuqori natijalarga “turistik relokatsiya” ham katta taʼsir koʻrsatayotgani taʼkidlandi. Chunki millionlab turistlar tinch, xavfsiz va sinalgan yoʻnalishlarni qidirmoqda.
Shuncha tarixiy obidalarimiz bor boʻlgan, dunyoda oʻxshashi yoʻq turistik maskanlar barpo etilayotgan paytda soha mutasaddilari, hokimlar har bir sayyoh uchun kurashishi zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Hozirdan har bir tumanning turistik jozibadorligini oshirish boʻyicha kompleks takliflar toʻplamini tayyorlash topshirildi.
Umuman, bugungi sharoitda barcha rahbarlar xatarlarni 2-3 xil ssenariy boʻyicha oldindan baholab, asosiy rejalariga qoʻshimcha zaxira rejalarini ham tayyorlab qoʻyishi shartligi qayd etildi.
Viloyat, tuman hokimlari ishni mutlaqo yangicha tashkil qilishi: uch kunda yoniga “aql markazi”, oliygoh professorlari, startapchi yoshlarni olib, mehnat unumdorligi, tannarx, energiya samaradorlik, ish oʻrni, aholi daromadi boʻyicha yangi yechimlar ustida qattiq izlanadi, bir haftada bu yil qanday nostandart oʻzgarish qilishini ommaviy axborot vositalari orqali jamoatchilikka yetkazishi belgilandi.