Toshkentdagi ayrim avtobus yoʻnalishlari sxemalari oʻzgartiriladi

Joriy yilning 25-aprel kunidan boshlab Toshkent shahrida 106, 7, 141 va 103-sonli avtobus yoʻnalishlarining harakat sxemalariga oʻzgartirish kiritiladi. Bu haqda shahar transport va yoʻl-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, oʻzaro bir-birini harakat yoʻlini takrorlovchi yoʻnalishlar faoliyatini muvofiqlashtirish va yoʻnalishlardagi mavjud oraliq interval vaqtlarini kamaytirish maqsadida, 2026-yil 25-aprel kunidan boshlab:

106-sonli avtobus yoʻnalishining harakati “Saodat” savdo markazidan Xalqaro aeroport bekatigacha qisqartiriladi. Yoʻnalish endilikda “Uchxoz” mahallasi — Xalqaro aeroport oraligʻida harakatlanadi.

Maʼlumot uchun, bugungi kunda Xalqaro aeroport bekatidan “Saodat” savdo markazi oraligʻida 8 ta — 11, 40, 45, 47, 67, 76, 77, 94-sonli avtobus yoʻnalishlari harakatlanmoqda. Ulardagi jami harakat tarkibi soni 97 ta katta va oʻta katta sigʻimli avtobuslarni tashkil etadi.

7-sonli avtobus yoʻnalishining Yunusobod 19-dahasidan Yunusobod 9-dahasiga harakatlanishdagi bir tomonlama harakati Yangi shahar va Rixsiliy koʻchalari orqali Amir Temur koʻchasiga harakatlanmagan holda oʻzgartiriladi.

Bugungi kunda Yangi Yunusobod koʻchasidan Amir Temur koʻchasidagi Yunusobod dehqon bozori bekatigacha boʻlgan oraliqda 4 ta — 5, 67, 83, 157-sonli avtobus yoʻnalishlari harakatlanmoqda. Ulardagi jami harakat tarkibi soni 42 ta katta sigʻimli avtobuslarni tashkil etadi.

141-sonli “Karvon bozori — Paxtakor metrosi” avtobus yoʻnalishining Paxtakor metrosi ASHBdan Botir Zokirov, Alisher Navoiy koʻchalari, Alisher Navoiy kinoteatri bekati, Alisher Navoiy, Botir Zokirov koʻchalari orqali oʻzgartiriladi.

103-sonli “Chilonzor buyum bozori — Chorsu savdo markazi” avtobus yoʻnalishining harakati Furqat koʻchasidan Alisher Navoiy koʻchasi orqali Milliy drama teatri bekatiga harakatlanmagan holda oʻzgartiriladi.