Joriy yilning 1-oktyabrdan boshlab ayrim toifadagi fuqarolarga havo, temir yoʻl transporti hamda shaharlararo avtobuslardan foydalanish uchun bepul yoki 50 foiz chegirma asosida imtiyozli chiptalar berish yoʻlga qoʻyildi. Bu haqida Ijtimoiy himoya milliy agentligi maʼlumot berdi.
Bildirilishicha, mazkur tartib Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 13-avgustdagi 440-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida joriy etilgan.
Ushbu imtiyozdan 1941–1945-yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, ularga tenglashtirilgan shaxslar hamda Chernobil halokati oqibatlarini bartaraf etishda qatnashgan shaxslar foydalanishi mumkin boʻladi.
Shuningdek, imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi hududi hamda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo mamlakatlar hududi boʻylab kalendar yilida bir marta borish va qaytish uchun chipta taqdim etiladi.
Imtiyozli chiptani qanday olish mumkin?
Fuqaroga faqat shaxsini tasdiqlovchi hujjat — ID-karta yoki biometrik pasportni “Uzbekistan Airways” va “Oʻzbekiston temir yoʻllari”ning vakolatli boʻlinmalariga taqdim etish kifoya. Shaxsning imtiyozli toifaga mansubligi Ijtimoiy himoya milliy agentligining “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimidagi “Transport imtiyozlari” moduli orqali tekshiriladi. Maʼlumot tasdiqlangach, bepul yoki chegirmali chipta murojaatning oʻzida rasmiylashtiriladi.
Yagona reyestr shakllantiriladi
Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Pensiya jamgʻarmasi oʻz axborot tizimlaridagi imtiyozli toifaga mansub shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Ijtimoiy himoya milliy agentligiga taqdim etib boradi. Shu asosda transportdan imtiyozli foydalanish huquqiga ega shaxslarning yagona reyestri shakllantiriladi.
Qaysi turdagi chiptani tanlash mumkin?
Fuqaroning xohishiga koʻra havo transportida — “ekonom” tarifi boʻyicha hamda temir yoʻl transportida — “ekonom”, platskart yoki kupe oʻrinlaridan biri uchun chipta taqdim etiladi.
Transport tashkilotlari tomonidan imtiyozli toifadagi shaxslarga koʻrsatilgan xizmatlar xarajatlari Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplab boriladi.