11
11

O‘zbekiston mahallalarining 98,8 foizi jamoat transporti bilan qamrab olindi

O‘zbekistonda jamoat transporti bilan qamrab olingan mahallalar ulushi 2020–2026 yillarda 87,9 foizdan 98,8 foizga yetdi. Kunlik yo‘lovchilar oqimi esa 1,2 million kishidan 2,6 million kishiga ko‘paydi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi xabar berdi.

Ushbu davrda respublikada 1 037 ta yangi yo‘nalish ochildi. Hozirda jamoat transporti 9 331 ta mahallaga xizmat ko‘rsatmoqda. Yo‘nalishlar tarmog‘i bilan qamrab olinmagan mahallalar soni esa 1 118 tadan 111 tagacha qisqardi.

Shu bilan birga, jamoat transportinan foydalanadigan iqtisodiy faol aholi ulushi ham oshdi. Agar 2022 yilda bu ko‘rsatkich 21 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2026 yilda 37 foizga yetdi.

Harakat tarkibini yangilash maqsadida 2023–2026 yillarda 3 500 ta avtobus xarid qilinib, yo‘nalishlarga chiqarildi. Ularning 753 tasi elektrobuslardan iborat.

Transport harakatini tashkil etish tizimida ham o‘zgarishlar amalga oshirildi.

Brutto-kontraktlar tizimi joriy etilgan yo‘nalishlarda avtobuslar orasidagi harakat intervali 18–20 daqiqadan 10–12 daqiqagacha qisqardi.

Manzilga yetib borish uchun sarflanadigan o‘rtacha vaqt esa 45 daqiqadan 30 daqiqaga tushdi.

Infratuzilmani rivojlantirish ishlari 2026 yilda ham davom etmoqda. Joriy yilda avtobuslar uchun qo‘shimcha 87 kilometr ajratilgan yo‘lak foydalanishga topshirildi.

Shuningdek, hukumat avtobuslar parkini yana-da kengaytirish rejalarini belgiladi.

2030 yilgacha yangi avtobuslar sonini 5 mingtaga, elektrobuslar sonini esa 2 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan.