2026-yil 1-oktyabrdan Toshkent shahridagi jamoat transporti — avtobus va metropolitenda elektron toʻlov orqali bir martalik yoʻlkira haqi 1 700 soʻmdan 2 500 soʻmga oshiriladi.
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 25-sentyabrdagi qaroriga koʻra:
— bir yoʻlovchi qatnovi uchun elektron toʻlov tizimi orqali toʻlov amalga oshirilganda ragʻbatlantiruvchi chegirma qoʻllangan holda 2 500 soʻm undiriladi.
— naqd pul orqali bir yoʻlovchi qatnovi uchun belgilangan tarif esa 3 000 soʻm miqdorida oʻzgarishsiz qoladi.
— bir yoʻlovchining bagajini tashish xizmati uchun yoʻlkira haqi 4 000 soʻm etib belgilangan.
Qonunchilikka muvofiq jamoat transportidan bepul foydalanish huquqiga ega boʻlgan shaxslar uchun mazkur huquq saqlab qolinadi.
Oʻquvchilar, talabalar, nafaqaxoʻrlar hamda nogironligi boʻlgan shaxslar transport kartalari yoki tarif paketlarini xarid qilganda belgilangan tariflarga nisbatan 50 foiz miqdorida chegirma qoʻllaniladi.
Shuningdek, qaror bilan qatnovlar soniga qarab transport kartalari uchun tarif rejalari ham tasdiqlangan. Transport kartasidan foydalanilganda bir soat ichida bir yoʻnalishli yoʻlovchi transportidan boshqasiga oʻtishlar soniga qarab imtiyozli va bepul tarif rejalari amal qiladi.
Bir soat ichida boshqa transportga oʻtishdagi (peresadka) chegirmalar (A — avtobus, M — metro):
- A-A-A-A — 2500−1500−0−0;
- A-A-A-M — 2500−1500−0−1500;
- A-A-M-A — 2500−1500−1500−0;
- A-M-A-A — 2500−1500−1500−0;
- M-A-A-A — 2500−1500−1500−0.