Andijonda bankir 40 ming dollar pora bilan qoʻlga olindi

Andijon viloyatidagi banklardan birining boshqarma boshligʻi oʻrinbosari 40 ming dollar pora bilan qoʻlga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, respublikadagi banklardan birining Andijon viloyati bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari kredit taʼminoti uchun garovga qoʻyilgan mulklarni auksion va toʻgʻridan-toʻgʻri sotuvga chiqarish vakolatiga ega boʻlgani holda, xizmat mavqeidan foydalanib, shaxsiy boylik orttirishni maqsad qilgan.

U kredit taʼminoti uchun garovga qoʻyilgan, Asaka tumanida joylashgan, umumiy bahosi 16,8 mlrd soʻmlik xususiy davolash markazining 4 qavatli binosi auksion savdo platformasida sotuvdan qaytganligidan foydalanib, uning narxini 12 mlrd soʻmga tushirgan holda, bank tashkiloti hisobiga olib, mahalliy tadbirkorga auksion savdolarisiz 7-yil muddatga foizsiz kredit hisobidan olib berish evaziga 90 ming dollar talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda ushbu mansabdor shaxs 40 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, hozirda ushbu mansabdor shaxsga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.