Andijon viloyatida bir guruh shaxslar tomonidan “Soliq Mobile” ilovasi orqali 35,1 mlrd soʻm mablagʻlar “Keshbek” sifatida talon-toroj qilingani aniqlandi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan.
Unda 6 nafar fuqaro va boshqalar oʻzaro til biriktirib, fuqaro Oʻ.Q.ning nomiga 3 ta, fuqaro N.Yu.ning nomiga 5 ta va R.X.ning nomiga 1 ta MCHJ tashkil etib, ushbu MCHJlar oʻrtasida hech qanday moliyaviy aloqalar amalga oshirilmagan boʻlsada, kompyuter texnikasi vositalaridan foydalangan holda 2026-yilning mart aprel oylarida jami 1,1 trln soʻmlik mahsulotlar yetkazib berilganligi haqida soxta elektron hisob-fakturalarini rasmiylashtirgan.
Qonunbuzar shaxslar bu ishlari bilan goʻyoki savdodan tushgan pul mablagʻlarini onlayn nazorat kassa mashinalari orqali kirim qilib, fuqarolarga sotilganligi haqida xarid cheklarini chiqarib, jami 100 458 nafar fuqaroga “Soliq Mobile” ilovasi orqali “Keshbek” sifatida toʻlab berilganligi oqibatida, 35,1 mlrd soʻm byudjet mablagʻlari oʻzlashtirish va rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilinganliklari fosh qilingan.
Andijon viloyati soliq boshqarmasi masʼul shaxslari va boshqalar yuqoridagi MCHJlar tomonidan jami 1,1 trln soʻmlik hisobvaraq-fakturalar rasmiylashtirilganligi holatlari boʻyicha korxonalarning QQS guvohnomalarini bekor qilish choralarini koʻrmaganligi, shuningdek shubhali operatsiyalar haqida departament organlariga xabar bermaganliklari maʼlum boʻlgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish), 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergovga tegishliligi boʻyicha prokuraturaga yuborilgan.