Poytaxtimizning “PANARAMS” mehmonxonasida qariyb bir hafta davomida Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi hamkorligida UNESCO tomonidan muharrirlar va jurnalistlar uchun amaliy treninglar tashkil etildi.
Mazkur treninglar ommaviy axborot vositalari vakillarining soʻz erkinligi, axborotdan foydalanish huquqi va uning yaxlitligini taʼminlash borasidagi bilim va koʻnikmalarini mustahkamlashga qaratildi. Unda, shuningdek, jurnalistlar faoliyati davomida duch keladigan xavfsizlik masalalari hamda sunʼiy intellektdan masʼuliyatli foydalanish yoʻnalishlari atroflicha muhokama qilindi.
Muharrirlar uchun oʻtkazilgan sessiyalarda ularning soʻz erkinligining “himoyachisi” sifatidagi oʻrni alohida taʼkidlandi. Trening davomida tahririyat siyosatini ishlab chiqishda etik meʼyorlar, genderga sezgir yondashuv va muvozanatli til qoʻllash masalalariga eʼtibor qaratildi. Shuningdek, muharrirlar jurnalistlar xavfsizligini taʼminlash, xususan, jismoniy tahdidlarni baholash hamda manbalarni himoya qilishda raqamli vositalardan foydalanish boʻyicha zarur bilimlarga ega boʻldilar.
Jurnalistlar uchun tashkil etilgan mashgʻulotlarda esa sifatli jurnalistika tamoyillari, aniqlik va ishonchlilikni taʼminlashda ilgʻor faktcheking usullari oʻrgatildi. Ishtirokchilar gender masalasini sezgir yoritish, tarafkashlikni aniqlash hamda nozik mavzularni etik tarzda yoritish boʻyicha amaliy koʻnikmalarni shakllantirdilar. Shu bilan birga, sunʼiy intellekt vositalaridan foydalanish, u bilan bogʻliq xatarlar — uydirma maʼlumotlar, “gallyutsinatsiyalar” va dipfeyklar muammolari ham muhokama markazida boʻldi.
— Bugungi axborot makonida sunʼiy intellektdan foydalanish imkoniyatlari kengayib borayotgan bir paytda uning xavf va cheklovlarini ham chuqur anglash zarur. Jurnalistika sifatini saqlab qolish uchun shaffoflik, manbaga tayanish va tahririy nazorat muhim omil boʻlib qoladi, — dedi trening eksperti Madina Tursunova.
Treninglar davomida ishtirokchilarga soʻz erkinligining xalqaro standartlari, Konstitutsiya hamda Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt doirasidagi qonuniy normalar haqida ham batafsil maʼlumot berildi. Mutaxassislar axborotdan foydalanish huquqi, huquqiy xavflarni kamaytirish, tuhmat va dezinformatsiya kabi dolzarb masalalar yuzasidan alohida sessiyalar oʻtkazdilar.
Mashgʻulotlarni xalqaro va milliy ekspertlar — soʻz erkinligi va media tartibga solish boʻyicha mutaxassis Joan Barata, jurnalist va media-trener Serhiy Shturkhetskiy hamda raqamli huquqlar boʻyicha mutaxassis Madina Tursunova jalb etildi.
Mazkur tashabbus UNESCOning Media dasturi doirasida amalga oshirilib, u orqali Oʻzbekistonda media savodxonlikni oshirish, jurnalistlar xavfsizligini taʼminlash va axborotdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsad qilingan. Dastur Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi hamda UNESCOning koʻp donorli dasturi tomonidan moliyalashtirildi.
Ushbu treninglar jurnalistika sohasida professional yondashuvni kuchaytirish, kasbiy mustaqillikni taʼminlash va jamoatchilik ishonchini oshirish yoʻlida muhim qadam boʻlib xizmat qildi. Tadbir yakunida muharrirlar va jurnalistlarga oʻquv mashgʻulotlarida faol ishtiroki uchun tashkilot tomonidan sertifikat topshirildi.