Kecha, 10-may kuni Toshkent shahrida kuchli yogʻingarchilik natijasida shaharning 8 ta tumanidagi 23 ta manzildan suv toʻplanishi holatlari boʻyicha murojaatlar kelib tushgan. Bu haqida Toshkent shahar hokimligi maʼlumot berdi.
Murojaatlar tumanlar kesimida taqsimlanganda, Mirzo Ulugʻbek tumanida 6 ta manzildan, Yashnobod tumanida 3 ta manzildan, Shayxontohur tumanida 4 ta manzildan, Mirobod tumanida 3 ta manzildan, Yakkasaroy tumanida 1 ta manzildan, Olmazor, Chilonzor hamda Yunusobod tumanlarida 2 tadan manzildan murojaatlar kelib tushgan.
Tegishli xizmatlar maʼlumotiga koʻra, 10-may kuni yogʻingarchilik miqdori 35 mm ni tashkil etgan. Bu miqdorning asosiy qismi ikki soatdan kamroq vaqt ichida yogʻgan boʻlib, oʻrtacha oylik yogʻingarchilik meʼyorining yarmidan koʻprogʻini tashkil etadi.
Maʼlumot uchun, Toshkentdagi mavjud yomgʻir suvlarini oqizish tizimi bir kecha-kunduzda 20 mm gacha yogʻingarchilikni qabul qilishga moʻljallangan. Ishlab chiqilgan bosh rejaga muvofiq, tizimning oʻtkazuvchanlik quvvatini bir kecha-kunduzda 36 mm gacha bosqichma-bosqich oshirish koʻzda tutilgan.
Hokimlik bergan maʼlumotlarga koʻra, eng kuchli yomgʻir paytida shahar suv oqizish infratuzilmasi bosh rejada nazarda tutilgan istiqboldagi hisob-kitob parametrlariga yaqin boʻlgan keskin va qisqa muddatli yuklamaga duch kelgan. Ayrim nuqtalarda kelayotgan suv hajmi bir vaqtning oʻzida mavjud irrigatsiya tarmoqlari va quvurlarning oʻtkazuvchanlik quvvatidan oshib ketgan. Natijada bir qator hududlarda yomgʻir suvi toʻplanib qolgan.
“Ayrim joylarda mahalliy omillar vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda: suv oqizish elementlarining chiqindilar bilan tiqilib qolishi, oʻzboshimchalik bilan qurilgan inshootlar, ariq va irrigatsiya tizimlarining avtoturargoh yoki boshqa xoʻjalik ehtiyojlari uchun toʻsib qoʻyilishi shular jumlasidandir. Har bir bunday holat arzimasdek tuyulishi mumkin, ammo shahar miqyosida bu kabi aralashuvlar butun suv oqizish tizimining faoliyatiga bevosita taʼsir koʻrsatadi”, — deyiladi xabarda.
Oqibatlarni zudlik bilan bartaraf etish uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligi, drenaj-kollektor tizimlari, kanallar, kommunal xizmatlar va boshqa tegishli tashkilotlarning mutaxassislari hamda brigadalari jalb etilib, joylarda 60 dan ortiq maxsus texnika ish olib borgan. Koʻrilgan choralar natijasida suv toʻplanishi oqibatlari bir soat ichida toʻliq bartaraf etilgan.
Toshkent shahar hokimligi har bir manzil boʻyicha ishchi guruhlar tomonidan vaziyat birlamchi tarzda oʻrganilib, zarur choralar belgilanganini bildirdi.
Xususan, 5 ta manzilda irrigatsiya tizimini qurish, bitta hududni loyihachilar bilan birgalikda qayta oʻrganib chiqish, qoʻshimcha 3 ta dyuker oʻrnatish, bitta obyektda diametri 800 mm boʻlgan, boshqa bir qator hududlarda esa diametri 500 mm boʻlgan quvurlarni oʻrnatish, qoʻshimcha nasos agregatlarini oʻrnatish va suv chiqarish quvvatini oshirish, 6 ta qoʻshimcha suv qabul qilish panjarasini montaj qilish hamda tizimning ayrim qismlari oʻtkazuvchanlik quvvatini kuchaytirish masalalari koʻrib chiqilgan.