Poytaxtdagi dorixonalarda 86 turdagi sertifikatsiz dori vositalari aniqlandi

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Toshkent shahridagi qator dorixonalarda tekshiruv oʻtkazdi. Mazkur nazorat tadbirlari farmatsevtika faoliyatida litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini oʻrganish doirasida tashkil etilgan.

Tekshiruvlarga “Arzon apteka” nomli Telegram-botda joylashtirilgan dori vositalari haqidagi eʼlonlar asos qilib olingan. Tadbirlar davomida 4 ta dorixonada muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlmagan 86 turdagi dori vositasi aniqlanib, savdodan olingan. Bundan tashqari, 5 turdagi yaroqlilik muddati oʻtgan dori vositasi ham savdoda turgani maʼlum boʻlgan.

Yana bir dorixonada dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana sotish uchun berilgan litsenziyaning amal qilish muddati tugaganiga qaramay, faoliyat davom ettirilgani aniqlangan.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi aholini dori vositalarini faqat qonuniy faoliyat yuritayotgan dorixonalardan xarid qilishga, internet va ijtimoiy tarmoqlardagi shubhali eʼlonlarga ishonmaslikka chaqirdi.