Joriy yilning 13–14-aprel kunlari Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasi aʼzolari tomonidan Namangan viloyatining qator tumanlarida ijtimoiy muammolarni oʻrganish ishlari amalga oshirildi.
Mazkur oʻrganishlar “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmon ijrosi doirasida tashkil etildi.
Komissiya aʼzosi senator Odiljon Mamatkarimov hamda hududiy jamoat fondi xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan Yangiqoʻrgʻon, Chortoq, Uychi, Uchqoʻrgʻon va Norin tumanlarida oʻrganishlar olib borilib, hududlardagi mavjud muammolar, aholini qiynayotgan dolzarb masalalar hamda ijtimoiy sohadagi kamchiliklar atroflicha tahlil qilindi.
Oʻrganishlar davomida aniqlangan muammolarni tizimli hal etish, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash, ularning tashabbuslarini ragʻbatlantirish hamda samarali loyihalarni davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalari orqali moliyalashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholi turmush darajasini oshirish, yoshlar va xotin-qizlar bandligini taʼminlash, atrof muhitni muhofaza qilish kabi ustuvor yoʻnalishlar yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.
Oʻrganishlar yakunlari boʻyicha hududlardagi real ehtiyojlardan kelib chiqib, ijtimoiy ahamiyati yuqori boʻlgan loyihalarni qoʻllab-quvvatlash, ularni davlat grantlari asosida moliyalashtirish hamda amaliyotga joriy etish yuzasidan tegishli choralar koʻrilishi belgilandi.