Buxoro davlat tibbiyot instituti xalqaro kongressda manfaatli shartnoma imzoladi

Shu kunlarda Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi universitetlari kongressi” boʻlib oʻtmoqda. Mazkur tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqiga aʼzo mamlakatlardan vazirlar, vazir oʻrinbosarlari, 300 dan ortiq oliy taʼlim muassasalari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.

Kongressda Yevropa Ittifoqi davlatlaridan 45 ta universitetdan 80 nafardan ortiq vakil, Markaziy Osiyo davlatlaridan 20 dan ziyod universitetdan 40 nafardan ortiq ishtirokchi, shuningdek Oʻzbekistondan 80 dan ortiq oliy taʼlim muassasalaridan 200 nafardan ziyod vakil ishtirok etmoqda. Ular orasida Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev va prorektor Laziz Niyozov ham qatnashmoqda.

Kongressning rasmiy ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari Ilhom Siradjev, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov, sogʻliqni saqlash vaziri Aslbek Xudoyarov, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi elchisi Toyvo Klaar, Polsha Respublikasi fan va oliy taʼlim vaziri Marsin Kulaseκ, Tojikiston Respublikasi taʼlim va fan vaziri Saidzoda Rahim Hamro, Polsha akademik oliy taʼlim muassasalari rektorlari konferensiyasi (CRASP) prezidenti Bogumilya Kanevska hamda IREG Academic Ranking & Excellence Observatory prezidenti Valdemar Sivinskiy ishtirok etdi.

Tadbir davomida taʼlim va ilm-fan sohasida xalqaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, universitetlar oʻrtasida strategik aloqalarni rivojlantirish boʻyicha muhim taklif va tashabbuslar ilgari surildi.

Kongress doirasida vazirlar ishtirokida panel sessiya ham tashkil etildi. Unda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo universitetlari oʻrtasida hamkorlikning yangi yoʻnalishlari, strategik yondashuvlar va ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Tadbir doirasida Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Sh. Teshayev ishtirokchilarga institut faoliyati haqida batafsil taqdimot qildi. Shuningdek, institut va Polshadagi Varshava davlat tibbiyot universiteti oʻrtasida taʼlim va amaliy tibbiyot sohalarida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha muhim shartnoma imzolandi.