Farmonga koʻra, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari markazi negizida Oliy taʼlimni rivojlantirish va global hamkorlik markazi tashkil etiladi.
Respublika davlat oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga muayyan oʻquv yili uchun ajratilgan grant kvotalarining toʻlmay qolgan qismi hisobidan har yili 500 nafargacha boʻlgan iqtidorli chet el fuqarolariga oliy taʼlim tashkilotlarida taʼlim olish uchun grant berishni nazarda tutuvchi “Yangi Oʻzbekiston stipendiyasi” dasturi amalga oshiriladi.
2026/2027 oʻquv yilidan oliy taʼlim tashkilotlariga xorijiy talabalarni qabul qilishning amaldagi tartibiga qoʻshimcha tariqasida “Study in Uzbekistan” platformasi orqali qabul qilish yoʻlga qoʻyiladi.
2026/2027-oʻquv yilidan taʼlim dasturini xorijiy tilda yakunlagan talabalar taʼlimning keyingi bosqichi uchun hujjat topshirishda xorijiy tilni bilish toʻgʻrisidagi sertifikatni taqdim etishdan ozod etiladi.
Quyidagilar tashkil etiladi:
— Raqamli taʼlim texnologiyalarini rivojlantirish markazi negizida Raqamli taʼlim va sunʼiy intellektni rivojlantirish markazi;
— Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisi hamda Yoshlar akademiyasi negizida Yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash ofisi.