Namangan viloyatida “Aqlli shahar” ilmiy-amaliy markazini tashkil etish ishlariga start berildi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Umumiy qiymati 16 milliard soʻm boʻlgan, zamonaviy texnologiyalar asosida hududlarni rivojlantirish, boshqaruv tizimlarini raqamlashtirish hamda sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanishga qaratilgan mazkur yirik loyihaga muvofiq Namangan Davlat texnika universiteti negizida “Sunʼiy intellekt” ilmiy laboratoriyasini tashkil etish, oliy taʼlim tizimini raqamli transformatsiya qilish hamda ilgʻor texnologiyalarni amaliyotga keng joriy etish boʻyicha ishlar boshlab yuborildi .
Bu borada soha mutaxassislari va masʼullaridan iborat viloyat delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasining Shenzhen shahridagi “Longgang Smart Center” ilmiy-amaliy markazi faoliyati misolida oʻzlashtirib qaytgan tajribalari mahalliy shart-sharoit va imkoniyatlarga uygʻunlashtirilgan tarzda amaliyotga joriy qilinmoqda.
“Longgang Smart Center” bugungi kunda Shenzhen shahrini toʻliq real vaqt rejimida boshqaruvchi zamonaviy “Aqlli shahar” ilmiy-amaliy markazi hisoblanadi. Ushbu markaz orqali 200 mingdan ortiq kamera yordamida doimiy monitoring olib boriladi, suv taʼminoti, kanalizatsiya, yoʻl infratuzilmasi, shaharsozlik va chiqindi tizimlari sunʼiy intellekt vositasida boshqariladi.
Chiqindi miqdori oshgan holatlarda tizim avtomatik maʼlumot beradi. Shuningdek, qurilish obyektlari va infratuzilma 3D virtual muhitda nazorat qilinadi, svetoforlar, transport harakati hamda ommaviy tadbirlar doimiy kuzatuv ostida boʻladi.
Bugungi kunda Namangan Davlat texnika universiteti taʼlim, ilmiy va boshqaruv jarayonlarini zamonaviy texnologiyalar asosida takomillashtirishga qaratilgan aniq loyihalarni hayotga tatbiq etmoqda. Xususan, Xitoy Xalq Respublikasining yetakchi texnologik kompaniyalaridan biri — Huawei bilan yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik doirasida universitet infratuzilmasini modernizatsiya qilish boʻyicha amaliy kelishuvlarga erishildi.
Mazkur hamkorlik doirasida universitetda sunʼiy intellektga asoslangan “Xavfsiz universitet” tizimini joriy etish, kampus hududida xavfsizlikni taʼminlash, kirish-chiqish va monitoring jarayonlarini raqamli tahlil asosida boshqarish, shuningdek, raqamli boshqaruv tizimini yaratish masalalari belgilab olindi. Ushbu tizimlar orqali boshqaruv jarayonlarida shaffoflik, tezkorlik va samaradorlikni oshirish koʻzda tutilmoqda.
— Kuni kecha Namangan davlat texnika universitetining ilmiy-amaliy markaz moʻljallangan binosini rekonstruksiya qilish va qoʻshimcha yangi bino qurilishiga kirishildi, — deydi Namangan viloyati hokimining Sunʼiy intellektni rivojlantirish va raqamli texnologiyalar boʻyicha maslahatchisi Sherzod Tursunov. — Mazkur qisqa muddatlarda laboratoriya faoliyatini boshlasa, u butun Namangan shahridagi barcha xizmat koʻrsatuvchi korxonalar faoliyatini raqamli texnologiyalar platformasi vositasida tartibga solib, boshqaradi.
Rejalashtirilayotgan ilmiy laboratoriya talabalarning amaliy bilim va koʻnikmalarini mustahkamlash, sunʼiy intellektni real loyihalarda qoʻllash hamda professor-oʻqituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirishga ham xizmat qiladi.