Qarshi shahrida Germaniyaning “Prosica GmbH” kompaniyasi bilan hamkorlikdagi Yoshlarni nemis tiliga oʻqitib, tartibli migratsiyaga yuborish markazi ish boshladi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda soʻzga chiqqanlar tomonidan taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda Qashqadaryo viloyatida taʼlim, yoshlarga kasb-hunar oʻrgatish va bandligini taʼminlash sohalarida Germaniya kompaniyalari bilan hamkorlik qamrovi yil sayin ortib bormoqda. Masalan, joriy yilda Germaniyaning “Prosika” va “Motiba” kompaniyalari bilan hamkorlikda joriy yil 3 ming nafar, 2030-yilgacha jami 50 ming nafar yoshlarni nufuzli nemis kompaniyalariga ishga yuborish reja qilingan. Bunda har oy germaniyalik ish beruvchi kompaniyalar vakillari viloyatga tashrif buyurib, nomzodlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri suhbat oʻtkazadi va shu yerning oʻzida mehnat shartnomalari rasmiylashtirilishi koʻzda tutilgan.
Qarshi shahrida tashkil etilgan yangi markaz esa yoshlarning nemis tilini oʻrganishi va kelgusida xorijda muvaffaqiyatli ishlashini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega.
Tadbir ishtirokchilari Markazda yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirib, bugundan nemis tilini oʻrganishga kirishgan tinglovchilar bilan yaqindan muloqot qildi.