11
11

Qashqadaryoda sel oqibatida bir kishi halok boʻldi

Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida sel oqimi «Damas» avtomobili va uning yoʻlovchisini oqizib ketdi. Qidiruv-qutqaruv ishlari davomida yoʻlovchining jasadi topildi. Bu haqda viloyat FVB xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, hodisa kecha, 13-oktyabr kuni soat 17:30 larda tumanning togʻli hududlarida qisqa muddatli kuchli yomgʻir yogʻishi oqibatida yuz bergan. Jumladan, «Qoʻngʻirot» mahalla fuqarolar yigʻinining Shakarbuloq qishlogʻi hududidan sel oqimi oʻtgan.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, yoʻldan adashgan «Damas» haydovchisi va uning hamrohi yoʻnalishni aniqlash maqsadida sel oqimi oʻtadigan hududda toʻxtagan. Avtomobil sirpanib, sel oʻzanining chuqurroq qismiga tushib ketgan.

Shundan soʻng haydovchi mashinadan tushib, telefon orqali bogʻlanishga uringan va hamrohini sel kelayotganidan ogohlantirgan. Biroq sel oqimi avtomobil va uning ichidagi yoʻlovchini oqizib ketgan.

Hodisa joyiga tuman hokimligi, FVB va IIB masʼullari jalb etilgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari davomida yoʻlovchining jasadi topilgan.