Qarshi tumanida qonunga xilof ravishda xonadonida dorixona tashkil qilgan shaxs fosh etildi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Unda aytilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qarshi tumani boʻlimi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda fuqaro R.Yu. “Tinchlik” MFY hududidagi xonadonida qonunga xilof ravishda dorixona tashkil qilib, umumiy bahosi 31,2 mln soʻmlik 340 turdagi, 14 538 dona dori va tibbiyot buyumlari hamda 130 dona “Benzonal” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini oʻtkazish maqsadida saqlab kelganligi aniqlanib, ushbu dori vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni targʻib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.