Xitoyning “Esquel Group” innovatsion tadqiqotlar-markazining Markaziy Osiyo boʻyicha vakili Chjan Xan boshchiligidagi bir guruh Chin yurti sarmoyadorlari Qashqadaryo viloyatida boʻlib, hududda pomidor yetishtirish va uni chuqur qayta ishlash istiqbollari bilan tanishishdi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Dastlab viloyat hokimligida oʻtkazilgan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Shundan soʻng delegatsiya aʼzolari Qamashi va Gʻuzor tumanlarida boʻlib, u yerda pomidor yetishtirish jarayonlari bilan tanishishdi. Jumladan, Gʻuzor tumanining Dashtobod mahallasida pomidorchilikda erishilayotgan yutuqlar xitoylik ishbilarmonlarda ham katta qiziqish uygʻotdi.
— Mahallamizda aholi tomorqalari hamda dehqon xoʻjaliklari tasarrufidagi qariyb 420 gektar maydonda pomidor yetishtiriladi, — deydi mahalla raisi Xoltoʻra Tursunov. — Har yili umumiy hisobda bozorga 16 ming tonnadan ortiq pomidor chiqaramiz. Bu mahallamizga faqat pomidorning oʻzidan qariyb 35 milliard soʻm atrofida daromad kirib kelganini anglatadi.
Sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, mahsulotni shu yerning oʻzida chuqur qayta ishlab, eksportga yoʻnaltirish orqali bu kabi tashabbuslarni yanada rivojlantirish mumkin. Bu har ikki tomon uchun ham yanada manfaatli boʻladi. Delegatsiya tashrifi yakunlari boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishlarda bu boradagi maqsad va rejalar muhokama qilindi.