Surxondaryoda qariyb 80 mln soʻmlik alkogol va tamaki savdosi toʻxtatildi

Surxondaryo viloyatida alkogol va tamaki mahsulotlarining noqonuniy savdolari fosh etildi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Unda aytilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Jarqoʻrgʻon tumani boʻlimi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Unda “Q.A.” xususiy korxonasi rahbari muqaddam JKning 186-1-moddasi bilan sudlangan A.R. “Mehnat-rohat” MFY hududidagi savdo doʻkonida umumiy bahosi 45,6 mln soʻmlik 46 turdagi 2 794 dona isteʼmolga yaroqsiz alkogol va 123 quti tamaki mahsulotlarini savdoga qoʻyganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Shu kabi yana bir holat, Departamentning Muzrabot tumani boʻlimi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda ham aniqlangan.

Unga koʻra, “K.” MCHJning “Katta bogʻ” MFY hududidagi savdo doʻkoni sotuvchisi O.E. umumiy bahosi 33,4 mln soʻmlik tegishli hujjatlari boʻlmagan 21 turdagi alkogol va 77 turdagi tamaki mahsulotlarini savdoga qoʻyganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud oʻtkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar koʻrsatish) va 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.