Joriy yilning 25-mart kuni Prezidentning “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi doirasida ekologik taʼlim, ilm-fan va targʻibotni jadallashtirishga oid kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PQ–110-son qarori qabul qilindi.
Qayd etilishicha, ushbu qarorni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsadlar etib quyidagilar belgilangan:
• 2026-2027-yillar davomida respublikaning har bir hududida oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlaydigan 14 ta “yashil” texnikumlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
• 2030-yilgacha respublikaning har bir hududidagi “yashil” texnikumlarda 10 000 nafar oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlash uchun ekologik taʼlim va ilmni yanada rivojlantirish.
• 2026–2028-yillarda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi sohasida ilmiy daraja olgan nomzodlar sonini 150 nafargacha yetkazish.
Mazkur qarorda koʻrsatilgan taʼlim muassasalari 2026/2027 oʻquv yilidan “yashil” texnikumlar sifatida qayta tashkil etiladi hamda ularda hududning ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy sharoitlaridan kelib chiqib, sohalar uchun oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
“Yashil” texnikumlarning moddiy-texnika bazasini yaxshilash va taʼlim sifatini oshirish maqsadida ular Kasbiy taʼlim agentligi bilan kelishuv asosida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Universitet)ga biriktiriladi.