Hisor togʻ tizmasida 700.000 m3 hajmidagi qor koʻchdi

Hisor togʻ tizmasida qor koʻchkisi kuzatildi. Bu haqida “Oʻzgidromet” maʼlum qildi.

Xabarda aytilishicha, kecha, 23-mart kuni soat taxminan 16:25 da Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumanining Hisor togʻ tizmasida qor koʻchkisi sodir boʻlgan.

Maʼlumotlarga koʻra, qor koʻchkisining hajmi 700.000 m3 ni tashkil etgan. Mazkur holat dengiz sathidan 3000 metr balandlikdan boshlanib, aholi turar joyidan 5 km uzoqlikda sodir boʻlgan.

Koʻchki oqibatida hech qanday zarar va talafotlar kuzatilmagan.