Kartoshka koʻrinishida niqoblangan 72 kg narkotik modda fosh qilindi. Bu haqida “Xavfsizlik”Telegram-kanali xabar berdi.
Bildirilishicha, Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida yashovchi, 2001-yilda tugʻilgan fuqaro boshqaruvidagi “Man” rusumli yuk avtotransport vositasi Afgʻonistondan “Termiz-avtomobil yoʻli” xalqaro oʻtkazish punktiga kirib kelgan.
Ushbu yuk avtomobili Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari va Bojxona idoralari xodimlari hamkorligida belgilangan tartibda koʻrikdan oʻtkazilgan.
Tekshiruv davomida avtomashina yukxonasida kartoshka mahsulotlari borligi maʼlum boʻlgan. Ushbu qishloq xoʻjaligi mahsulotlari sinchkovlik bilan tekshirilganda esa, ularning orasiga xuddi kartoshka koʻrinishida yasalgan 222 dona boʻlakdan iborat, jami 72 kg 300 gr “gashish” moddasi yashirilganligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, ushbu katta miqdordagi giyohvandlik vositalari Rossiya Federatsiyasiga olib ketilayotgan boʻlgan. Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.