Surxondaryo viloyati IIBga yangi boshliq tayinlandi

Podpolkovnik Baxtiyor Rahimjonovich Inoqov Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi lavozimiga tayinlandi, deb xabar bermoqda IIV matbuot xizmati.

“Yangi tayinlangan viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻiga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni taʼminlash, aholi bilan yaqin muloqotni yoʻlga qoʻyish, murojaatlar ortidan yuzaga kelayotgan muammolarni chuqur oʻrganish va ularga yechim topish, fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash boʻyicha qator muhim vazifalar yuklatildi”, — deyiladi xabarda.

Tuman va shahar ichki ishlar boʻlimlari rahbarlari oldiga jinoyatlar sodir etilishiga imkon berayotgan omillarni manzilli bartaraf etish hamda har bir mahalla kesimida ish natijadorligini oshirish boʻyicha vazifalar qoʻyildi.

Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB rahbari lavozimida ilgari Oʻzbekiston ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari — Jamoat xavfsizligi departamenti boshligʻi etib tayinlangan Timur Ismailovning oʻrnini egalladi.