Surxondaryo viloyatida Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi hamda xalq deputatlari viloyat Kengashining qoʻshma majlisi boʻlib oʻtdi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Unda Qoʻmita aʼzolari, hududdan saylangan senatorlar, xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi deputatlari, doimiy komissiyalar aʼzolari, viloyat va tumanlar hokimliklari rahbarlari ishtirok etdi.
Majlisda hududga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va oʻzlashtirish, mahalliy mahsulotlar eksportini kengaytirish, logistika imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda tadbirkor va eksportchilarga yaratilayotgan sharoitlar muhokama qilindi. Mazkur masalalar yuzasidan mutasaddi rahbarlarning axborotlari eshitildi.
Qayd etilganidek, davlatimiz rahbari tomonidan hududning qulay geografik joylashuvi va resurs salohiyatidan samarali foydalanish, xorijiy investorlarni jalb qilish boʻyicha keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Xususan, 2025-yilda 1,7 mlrd dollar, joriy yilning birinchi choragida 500 mln dollar miqdorida investitsiyalar jalb qilingan. Oʻtgan yilda 834,2 mln dollarlik 617 ta loyiha ishga tushirilib, 17 mingta yangi ish oʻrni yaratilgan.
Shuningdek, 2025-yilda 480 mln dollarlik, 2026-yilning birinchi choragida esa 159,7 mln dollarlik mahsulotlar eksport qilinib, oʻsish surʼatlari taʼminlangan. Hozirgi kunda viloyatda 388 ta korxona eksport faoliyatiga jalb etilgan.
Eksport amaliyotlarini soddalashtirish maqsadida “E-kontrakt” axborot tizimi joriy etilgani, shuningdek, Turkiya, Xitoy, Rossiya, BAA, Koreya, Afgʻoniston va boshqa davlatlar bilan hamkorlik kengayib borayotgani taʼkidlandi.
Majlisda investitsiyaviy jalb etuvchanlikni oshirish, eksportni qoʻllab-quvvatlash va mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi. Senatorlar tomonidan investitsiyalarning samaradorligini oshirish, loyihalar ijrosini kuchaytirish, logistika raqobatbardoshligini yuksaltirish hamda transchegaraviy iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish boʻyicha tegishli tavsiyalar berildi.
Muhokamalar yakunida tegishli qaror qabul qilindi.