Surxondaryoda “yashil hudud”ni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda

Surxondaryo viloyati Ekologiya va iqlim oʻzgarishi bosh boshqarmasida joriy yilning oʻtgan davrida amalga oshirilgan ishlar hamda sohadagi yangilanishlarga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, ijtimoiy tarmoq faollari, soha mutaxassislari ishtirok etdi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Tadbirda keyingi yillarda mamlakatimizda atrof-muhit muhofazasi, iqlim oʻzgarishiga moslashish, yashil hududlarni kengaytirish va ekologik barqarorlikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida atroflicha maʼlumot berildi.

Qayd etilganidek, Prezidentimizning tegishli farmon va qarorlari asosida ekologiya sohasida mutlaqo yangi boshqaruv tizimi shakllantirildi. Atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi negizida Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tashkil etildi. Shuningdek, Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi — Ekopolitsiya faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ekologik nazoratni kuchaytirish uchun qator vakolatlar berildi.

Anjumanda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida toʻxtalindi. Maʼlum qilinishicha, viloyatda har yili 16 million tupdan ortiq daraxt va buta koʻchatlari ekish rejalashtirilgan boʻlib, joriy yil bahor mavsumida qariyb olti yarim million tup koʻchat yerga qadalgan.

Xususan, Angor tumanidagi M39 xalqaro avtomobil yoʻli atrofida hamda “Qoraqir” dahasida yuzlab gektar maydonda “yashil belbogʻ”lar barpo etildi. Termiz tumani “Kattaqum” dahasida ham keng koʻlamli koʻchat ekish ishlari amalga oshirildi. Bu loyihalar chang-toʻzonlarning oldini olish, iqlim barqarorligini taʼminlash va hudud ekologik holatini yaxshilashga xizmat qilayotgani taʼkidlandi.

Sherobod tumanida qishloq xoʻjaligi yerlari hisobidan botanika va dendrologiya bogʻi tashkil etilayotgani ham muhim ekologik tashabbuslardan biri sifatida qayd etildi. Shuningdek, 2026–2027 oʻquv yilidan mazkur tumandagi 3-texnikum negizida Surxondaryo viloyati “yashil” texnikumi faoliyat boshlashi maʼlum qilindi. Unda ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasi uchun oʻrta boʻgʻin kadrlari tayyorlanadi.

— Mamlakatimizda ekologik vaziyatni yaxshilash, aholi yashash muhitini sogʻlomlashtirish va choʻllanishga qarshi kurashish umummilliy harakatga aylanmoqda, — deydi viloyat ekologiya va iqlim oʻzgarishi bosh boshqarmasi boshligʻi Bahodir Oʻrunov. — Biroq ekilgan koʻchatlarni asrash va parvarishlashda ayrim holatlarda masʼuliyatsizlik kuzatilmoqda. Shu yilning oʻtgan davrida koʻchatlarning qurib qolishiga yoʻl qoʻygan 15 nafar mansabdor shaxsga nisbatan maʼmuriy chora koʻrildi. Bu borada nazorat yanada kuchaytiriladi.

Anjumanda atmosfera havosini muhofaza qilish, maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish, bioxilma-xillikni asrash hamda ekologik nazorat yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ham maʼlumot berildi. Ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.