Maʼlumki, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-fevraldagi tegishli qarori bilan davlat maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida pedagog kasbiga birinchi marta ishga qabul qilingan stajyor-oʻqituvchilar, stajyor-tarbiyachi hamda tegishli toifaga ega boʻlmagan pedagog kadrlar kasbiy sertifikatlash sinovlariga jalb etiladi.
Mazkur qarorga muvofiq, 2026-yil 18-martdan boshlab, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda davlat xizmatlari markazlari orqali kasbiy sertifikatlash sinovlarida qatnashish uchun murojaatlar qabul qilinishi davom etmoqda. Murojaatlarni yuborish 2026-yil 18-aprel (shu kuni ham)ga qadar davom etadi.
Kasbiy sertifikatlash nazorat sinovlarida qatnashish uchun:
- kasbiy sertifikat olishga daʼvogar boʻlgan davlat maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotidagi hamda avval kasbiy sertifikatlashda ishtirok etib, oʻta olmagan stajyor-oʻqituvchi, psixolog yoki mutaxassis lavozimidagi;
- shuningdek, pedagoglar attestatsiyasidan oʻta olmagan, mutaxassis (oliy maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimiga muvofiq emas, egallab turgan lavozimiga muvofiq emas (oʻrta maxsus maʼlumotlilar), deb topilgan pedagog kadrlar ham hujjat topshirishlari mumkin.