Namangan viloyati Pop tumanidagi Arashan ko‘llari atrofida “Arashan Resort” yirik turizm majmuasi qurilishi boshlandi. Loyiha 600 gektar maydonni qamrab olib, zamonaviy turizm infratuzilmasiga ega yirik dam olish va sayohat markaziga aylanishi rejalashtirilgan.
Majmua to‘liq foydalanishga topshirilgandan so‘ng kunlik 2,5 ming sayyohni qabul qilish, yillik 912 ming nafar turistga xizmat ko‘rsatish va 2 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyati paydo bo‘ladi. Loyiha doirasida ekologik turizm, ekstremal va tog‘ turizmi infratuzilmalari, gastronomik markazlar va madaniy dam olish maskanlari tashkil etiladi.
Shuningdek, majmuada tematik parklar, tog‘ chang‘isi komplekslari, ziplayn, restoran va kafelar, ochiq osmon ostidagi kinoteatr, ekobozor, bolalar maydonchalari, sport maydonlari va termal suv basseynlari barpo etilishi rejalashtirilgan. Loyiha Yaponiyaning nufuzli NGEA – Nippon Global Education and Assessment kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.