Bayram kunlarida yomgʻirli ob-havo boʻlishi kutilmoqda

Joriy yilning 19-20-mart kunlari Oʻzbekiston hududi oʻrtacha iliq va nam havo massalari taʼsiri ostida boʻladi. Bu haqda “Oʻzgidromet” xabar berdi.

Maʻlum qilinishicha, ushbu kunlarda Respublikaning markaziy va janubi-sharqiy hududlarida yomgʻir yogʻadi. Havo harorati bugun kunduzi 13-16 daraja iliq, ertaga 17-20 daraja iliq atrofida boʻladi.

21-martda hududning katta qismida yogʻingarchiliksiz ob-havo boʻlishi kutilmoqda, faqat Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida kunning ikkinchi yarmida baʼzi joylarda yomgʻir yogʻadi. Havo harorati 20-25 daraja iliqqacha koʻtariladi.

23-24-mart kunlari respublika hududining katta qismida (Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidan tashqari) baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Harorat 20-25 daraja iliq, shimolda, janubda va choʻl hududlarda 28 daraja iliqqacha boʻladi. Harorat asosan kechalari 7-12 daraja iliq boʻladi.

Togʻ oldi va togʻli hududlarda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Toshkent shahrida 19-martda kunduzi, 20-martda kechasi va ertalab vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻishi mumkin. Harorat 19-martda 14-16 daraja iliq, 20-martda

17-19 daraja iliq boʻladi. 21-martda yogʻingarchilik kutilmaydi, harorat 21-23 daraja iliq boʻladi. 23-24-mart kunlari vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq kuzatiladi. Kunduzi harorat 20-25 daraja atrofida boʻladi.