Toshkent shahri Yunusobod tumanida joylashgan aholi xonadonida yongʻin yuz berdi. Bu haqda poytaxt Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, bugun, 15-mart kuni soat 11:09 da Yunusobod tumani, Oqtepa 6-tor koʻchasida joylashgan shaxsiy xonadonda yongʻin sodir boʻlayotgani toʻgʻrisida Toshkent shahar FVBBga xabar tushgan.
Shunga koʻra, qutqaruv texnikalari aytilgan manzilga soat 11:19 da yetib borib, soat 11:57 alangani qurshab olib, 12:16 da toʻliq oʻchirishga erishgan. Bildirilishicha, yongʻin oqibatida jarohatlanganlar yoʻq.
Hozirda yongʻinning kelib chiqish sababi va keltirilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.