Joriy yilning 13-14-mart kunlari Oʻzbekistonning Qatardagi elchixonasi tomonidan fuqarolarimizni evakuatsiya qilishning yakuniy bosqichi amalga oshirildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.
Yaqin Sharqdagi keskin vaziyat tufayli Qatar havo hududi yopilgani sababli, evakuatsiya quruqlik va havo yoʻllari kombinatsiyasi orqali tashkil etildi. Rejaga koʻra, 96 nafar fuqaro Dohadan Dubaygacha (BAA) avtobuslarda yoʻl oldi. U yerdan esa Dubay–Toshkent yoʻnalishi boʻyicha aviaparvoz orqali vatanga yetib kelishadi. Elchixona xodimlari vatandoshlarimizni chegaragacha kuzatib borishdi.
Shu kunga qadar Oʻzbekistonning diplomatik vakolatxonalari va “Vatandoshlar” jamoat fondi hamkorligida jami 548 nafar yurtdoshimiz xavfsiz hududlarga olib chiqildi. Evakuatsiya qilinganlar orasida turistlar, talabalar, vaqtinchalik mehnat faoliyati bilan shugʻullanayotgan fuqarolar bor.
Yurtdoshlarimiz qiyin vaziyatda koʻrsatilgan tezkor amaliy yordam uchun Oʻzbekiston rahbariyati va diplomatlarga oʻz minnatdorliklarini bildirishdi.
Eslatib oʻtamiz, 28-fevral kuni Isroil va AQSHning Eron bilan qurolli toʻqnashuvlari boshlangani ortidan mintaqada xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Xususan, Qatar oʻz havo hududini yopishga majbur boʻldi, natijada Dohadagi “Hamad” xalqaro aeroporti faoliyati toʻxtatilib, 2 mingga yaqin aviaqatnovlar bekor qilingan edi.