TIV: Yaqin Sharqdan qariyb 33 ming nafar oʻzbekistonlik vataniga qaytarildi

Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, 13-mart ertalabki holatga koʻra, Yaqin Sharqdan 32 934 nafar vatandoshimiz Oʻzbekistonga qaytarilgan.

Maʼlumotlarga koʻra, 12-mart kuni Oʻzbekistonning Qatardagi elchixonasi tomonidan 49 nafar fuqaro keyinchalik Toshkentga uchib ketishlari uchun BAA va Saudiya Arabistoniga koʻchirilishi taʼminlandi. Hozirda navbatdagi fuqarolar guruhi shakllantirilmoqda va ularni Dohadan Dubay orqali Oʻzbekistonga qaytarish masalalari koʻrib chiqilmoqda.

Oʻzbekistonning BAAdagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan 147 nafar fuqaroning Toshkentga uchib ketishiga koʻmaklashildi. Erondagi elchixona esa 5 nafar vatandoshimizning qoʻshni davlatlar hududi orqali chiqib ketishini taʼminladi. Vataniga qaytish istagini bildirgan fuqarolar bilan ishlar davom ettirilmoqda.

Isroilda diplomatlar toʻrt nafar fuqaroning Misr orqali Oʻzbekistonga qaytishini tashkillashtirdilar.

Oʻzbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi va Jiddadagi Bosh konsulxonasi Transport vazirligi bilan hamkorlikda 2 735 nafar fuqaroni charter reyslari orqali qaytarishni taʼminladi. Ushbu mamlakatdagi evakuatsiya tadbirlari yakunlandi.

Diplomatik vakolatxonalarning Oʻzbekiston fuqarolarini vataniga xavfsiz qaytarishni taʼminlash boʻyicha ishlari davom etmoqda.