Yaqin Sharq davlatlaridan Oʻzbekiston fuqarolarini evakuatsiya qilish ishlari davom ettirilmoqda. Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, 1-martdan 5-mart soat 10:00 holatiga koʻra, jami 9 361 nafar oʻzbekistonlik Vatanga qaytarilgan.
Bildirilishicha, hozirgi kungacha muntazam hamda qoʻshimcha charter reyslar orqali Saudiya Arabistonidan 8 114 nafar, Birlashgan Arab Amirliklaridan 1192 nafar, Erondan 23 nafar, Bahrayndan 25 nafar, Oʻmondan esa 7 nafar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari Vatanga qaytarilgan.
“Vatandoshlarimizni Oʻzbekistonga qaytarish boʻyicha chora-tadbirlar tizimli va bosqichma-bosqich roʻyobga chiqarilmoqda. Ayni paytda evakuatsiya asosan fuqarolik aviatsiyasi uchun havo hududi ochiq boʻlib turgan mamlakatlardan amalga oshirilmoqda”, deyiladi TIV xabarida.
Qoʻshimcha qilinishicha, mintaqaning boshqa davlatlarida havo hududi ochilishi bilan mazkur tadbirlar tezkor ravishda tashkil etiladi va davom ettiriladi. Shu bois Oʻzbekiston fuqarolari xotirjamlikni saqlashga, vahimaga berilmaslikka va vazmin harakatlanishga chaqirilgan.
Shuningdek, ayni paytda xorijda boʻlib turgan yurtdoshlarimizdan mazkur mamlakatning ichki qoidalari va talablariga qatʼiy rioya etish hamda faqat Oʻzbekiston Respublikasining davlat organlari va diplomatik vakolatxonalari tomonidan tarqatilayotgan rasmiy axborotga amal qilish soʻralgan.