Yaqin Sharqdan 5 ming nafardan ortiq oʻzbekistonlik Vatanga qaytarildi

Yaqin Sharq davlatlarida davom etayotgan harbiy nizo natijasida Vatanga qayta olmayotgan besh mingdan ortiq Oʻzbekiston fuqarosi mintaqada qaytarildi. Bu haqda Transport vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Maʼlumki, joriy yilning 28-fevraldan boshlab Oʻzbekiston shaharlaridan Dubay, Sharja, Madina, Doxa, Jidda, Tel-Aviv, Tehron, Quvayt yoʻnalishlarida barcha aviaqatnovlar bekor qilindi. Natijada 28-fevral – 2-mart kunlari Quvayt, Isroil, Saudiya Arabistoni, Qatar va BAA dan 1 681 nafar fuqaro Oʻzbekistonga qayta olmagan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fors koʻrfazi mamlakatlarida qolib ketgan fuqarolarni Oʻzbekistonga qaytib kelishlarini samarali tashkil etish yuzasidan bergan topshirigʻi doirasida Transport vazirligi tomonidan rezident va xorijiy aviakompaniyalar bilan aniq rejalar tuzilgan. Ishlarni muvofiqlashtirib borish maqsadida “Oʻzaviatsiya” agentligida 24/7 rejimda ishlaydigan shtab tashkil etilgan.

Shuningdek, qator mamlakatlar havo hududining yopiq qolayotganligi hamda vaziyat oʻzgarib borayotganligini, shuningdek, xorijiy mamlakatlar aviatsiya hukumatlari bilan oʻtkazilgan muzokaralar yakuni boʻyicha erishilgan kelishuvlarni inobatga olgan holda barcha aviakompaniyalar parvozlarni bajarishda amal qilishi lozim boʻlgan talablar belgilangan.

“Hozirgi vaqtda rezident va norezident aviakompaniyalar tomonidan 2026-yil 28-fevralgacha joʻnab ketgan yoʻlovchilarni Oʻzbekistonga qaytarish maqsadida parvozlar amalga oshirilmoqda”, deyiladi vazirlik xabarida.

Bildirilishicha, bugungi kun holatiga koʻra, mahalliy rezident aviakompaniyalari tomonidan Madina va Jidda aeroportlaridan 21 ta parvozlar bajarilib 4 948 nafar hamda Dubay shahridan 235 nafar yoʻlovchi Vatanga olib kelingan.

Transport vazirligi mazkur reyslar boʻyicha maʼlumotlarni aniqlashtirish uchun faqatgina aviakompaniyalarning vakolatxonalariga va ularning rasmiy veb-saytlarida koʻrsatilgan telefon raqamlariga (ishonch telefonlariga) murojaat qilish lozimligini qayd etgan.

Bundan tashqari ehtimoliy tushunmovchiliklar va moliyaviy xavf-xatarlarning oldini olish maqsadida faqat rasmiy maʼlumot manbalaridan foydalanish va tekshirilmagan vositachilarga murojaat qilishdan saqlanish tavsiya etilgan.

Taʼkidlanishicha, yoʻlovchilarga yordam koʻrsatish maqsadida “Oʻzaviatsiya” agentligining call-markazi 24/7 rejimida ishlaydi:

Tel. +998 (78) 120-00-72, +998 (71) 200-07-65.