Hukumatning tegishli qarori bilan 2026-2027 oʻquv yilidan boshlab xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingida yuqori TOP-300 talik roʻyxatga kirgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqish istagidagi yoshlar va pedagog xodimlarga bir oʻquv yili uchun 20 ming AQSH dollarigacha boʻlgan miqdorda taʼlim krediti ajratish tizimi joriy etildi.
Maʼlum qilinishicha, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamgʻarmasi tomonidan tijorat banklariga resurslar Iqtisodiyot va moliya vazirligining “resurs.imv.uz” platformasi orqali ajratiladi.
Kredit oluvchi taʼlim kreditini olish uchun bankka murojaat qilishda quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
- taʼlim krediti olish toʻgʻrisidagi ariza;
- ariza beruvchi (birgalikda qarz oluvchi)larning amalda boʻlgan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlari nusxasi;
- taʼlim tashkilotidan talabaning qabul qilingani toʻgʻrisidagi taklifnoma-xat (1-kurs talabalari uchun);
- har bir oʻqish davrining (semestr, trimestr, yarim yillik va yillik) yakunlari boʻyicha akademik oʻzlashtirish natijalari toʻgʻrisidagi hujjat (2-kursdan boshlab);
- toʻlov-kontrakt asosida oʻqish haqida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan shartnoma hamda oliy taʼlim tashkilotining bank rekvizitlari (hisobvaraq raqami, SWIFT kodi) koʻrsatilgan invoys;
- birgalikda qarz oluvchilarning soʻnggi 12 oylik daromadlari yuzasidan maʼlumot;
- oʻttiz yoshdan oshgan pedagog xodimlar uchun Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan yuklangan mehnat daftarchasidan koʻchirma nusxasi (mazkur hujjat kredit oluvchining pedagog xodim ekanligini aniqlash uchun foydalaniladi);
- bankning ichki qoidalarida belgilangan boshqa hujjatlar.
Kreditni rasmiylashtirish uchun talaba Oʻzbekistonda boʻlishi shartmi?
Belgilangan tartibga koʻra, oʻqishning keyingi bosqichlariga oʻtgan hamda xorijda boʻlgan talabalar belgilangan tartibda tasdiqlangan ishonchnoma asosida oʻzlarining qonuniy vakili orqali bankka murojaat qilishlari va tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishlari mumkin.
Murojaat qancha vaqtda koʻrib chiqiladi?
Banklar kredit oluvchi tomonidan taʼlim krediti berishni soʻrab bankka taqdim qilingan ariza va unga ilova qilingan barcha hujjatlarni besh ish kuni ichida koʻrib chiqishi va taʼlim krediti shartnomasini imzolashi yoki kredit berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, qaror qabul qilingan sanadan boshlab keyingi ish kunidan kechiktirmasdan kredit oluvchiga kredit berishning rad etilishi sababi koʻrsatilgan holda javob xati berishi lozim.
Agar oliygohdagi kontrakt miqdori yuqori boʻlsachi?
Taʼlim krediti shartnomasi kredit oluvchi tomonidan taqdim etilgan talaba va taʼlim tashkiloti oʻrtasidagi toʻlov-kontrakt asosida oʻqish haqidagi shartnoma (kontrakt)da koʻrsatilgan, biroq 20 ming AQSH dollaridan oshmagan summa doirasida tuziladi.
Bunda keyingi oʻquv yili uchun toʻlov-kontrakt asosida oʻqish haqidagi shartnomada belgilangan toʻlov miqdori va taʼlim krediti olish toʻgʻrisidagi arizadan kelib chiqib, kredit miqdori taʼlim krediti shartnomasiga qoʻshimcha kelishuv imzolash orqali oshirib boriladi.
Kredit ajratishda valyuta kursi qanday hisoblanadi?
Taʼlim krediti kredit oluvchi tomonidan ssuda hisobvaragʻidagi kredit mablagʻini taʼlim tashkilotiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi toʻlov topshiriqnomasini bergan kundagi bankning rasmiy almashinuv kursi boʻyicha xorijiy valyutaga konvertatsiya qilish orqali ajratiladi.
Bunda konvertatsiya jarayonida kredit oluvchidan qoʻshimcha komissiya undirilmaydi.