Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi

2026-yil 28-fevral kuni Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbariyati nomiga Parij shahridan nufuzli xalqaro meʼmoriy mukofot — Prix Versailles tanlov qoʻmitasidan rasmiy maktub kelib tushdi. Maktubda Islom sivilizatsiyasi markazi 2026-yil uchun dunyodagi eng goʻzal muzeylar global roʻyxatiga kiritilgani maʼlum qilingan. Ushbu reyting innovatsionlik, kreativ yondashuv, milliy merosni aks ettirish hamda ekologik samaradorlik kabi qatʼiy mezonlar asosida shakllantiriladi. Prix Versailles bosh kotibi Jerom Guaden oʻz maktubida mazkur saralash munosabati bilan samimiy tabriklar yoʻllab, Markazning 2026-yilgi roʻyxatda ishtirokini tasdiqlash boʻyicha rasmiy yoʻriqnomani ham taqdim etgan.

Prix Versailles — zamonaviy meʼmoriy, madaniy va estetik muhitni shakllantirayotgan eng ilgʻor loyihalarni har yili eʼtirof etuvchi dunyodagi eng nufuzli mukofotlardan biri hisoblanadi. Islom sivilizatsiyasi markazining mazkur roʻyxatga kiritilishi uning konsepsiyasi, ramziy maʼnodorligi hamda Yevroosiyo gumanitar makoni rivojiga qoʻshayotgan hissasining xalqaro miqyosda eʼtirof etilganini anglatadi.

Rasmiy xabarga koʻra, Markaz nafaqat 2026-yilning eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritilgan, balki 2026-yil uchun uchta oliy jahon unvonlaridan biriga daʼvogarlik qilish huquqini ham qoʻlga kiritgan. Bular — Grand Prix Versailles, “Interyer” nominatsiyasi yoki “Eksteryer” nominatsiyasidir. Jahon unvonlari sohiblarini tantanali eʼlon qilish marosimi 2026-yil yakunida Parij shahridagi YUNESKO qarorgohida yoki Mukofot kotibiyati tomonidan belgilanadigan boshqa qabul qiluvchi shaharda oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

“Prix Versailles global roʻyxatiga kiritilishi Markazning mintaqaning meʼmoriy dominantasi va Oʻzbekistonning zamonaviy madaniy yuksalish ramzi sifatidagi maqomini yanada mustahkamlaydi. Ushbu qaror mamlakatimiz Prezidenti muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning mualliflik loyihasi zamonaviy muzey va madaniy tashabbuslar orasida eng ahamiyatlilaridan biri sifatida yuksak baholanganini tasdiqlaydi”, — deydi Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov.

Uning taʼkidlashicha, Markaz bugunning oʻzidayoq Markaziy Osiyodagi eng yirik gumanitar va ilmiy-madaniy majmua sifatida jahonda tan olingan.

Bunga Islom sivilizatsiyasi markazining Smithsonian Magazine, BBC Travel, BBC History va National Geographic kabi nufuzli xalqaro nashrlar va reytinglarda eʼtirof etilgani yaqqol dalil boʻladi. Bu esa Markazni Lucas Museum of Narrative Art (Los-Anjeles), National Geographic Museum of Exploration (Vashington, D.C.), London Museum (London) kabi jahon miqyosidagi yirik muzey tashabbuslari bilan bir qatorga qoʻyadi. Avvalroq CNN telekanali Islom sivilizatsiyasi markazini “zamonaviy davrning eng koʻlamli madaniy loyihalaridan biri” deya taʼriflab, uning oʻziga xos fazoviy koʻrsatkichlarini alohida taʼkidlagan: inshoot oʻz oʻlchamlari jihatidan mashhur Hollywood yozuvidan toʻrt barobar baland va Oq uydan yetti barobar kattadir.

Bunday xalqaro eʼtirof Oʻzbekistonning jahon madaniy xaritasidagi oʻrni izchil mustahkamlanayotganini yaqqol namoyon etadi.

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi 2026-yil mart oyiga rejalashtirilgan.