Joriy yilning 25-fevral kuni poytaxtdagi xususiy maktabning 10-sinf oʻquvchisi BMW rusumli avtomashinada urib ketishi oqibatida vafot etgan Yoʻl-patrul xizmati xodimining oila aʼzolari davlat muhofazasiga olinadi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux Gʻiyosov xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Xosilbek Eshnazarov ichki ishlar organlarida 2022-yildan buyon xizmat qilgan. Faoliyati davomida u huquqbuzarliklarning oldini olishda faol qatnashgan, yuzlab yirik va ommaviy tadbirlarda jamoat tartibini saqlashda ishtirok etgan.
Xususan, 2024-yildan patrul-post xizmatida ishlagan Xosilbek 2014 ta turli huquqbuzarliklarni aniqlashda, 4 nafar qidiruvdagi shaxslarni qoʻlga olishda faol ishtirok etgan. Shuningdek, 12 nafar “zakladka” yoʻli bilan faoliyat yuritgan narkojinoyatchilarning faoliyatiga chek qoʻygan.
Rahbariyat tomonidan uning ishchanligi va burchiga sadoqati, muhimi fuqarolar bilan muomalasi inobatga olinib, 2025-yildan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi yoʻl xizmati inspektori sifatida xizmatga safarbar etilgan.
Eshnazarov navbatdagi faoliyati davomida 1392 ta, shundan 324 ta qoʻpol qoidabuzarliklarni aniqlagan. 14 nafar mast haydovchini aniqlab, harakatiga chek qoʻygan. Bundan tashqari, qarama-qarshi harakatlanish, hujjatsiz transport vositasini boshqarish va qizil chiroqqa boʻysunmaslik kabi 52 ta qoidabuzarliklarni aniqlab, huquqbuzarlarga qonuniy chora koʻrgan.
U joriy yilning 25-fevral kuni poytaxtning Mirobod tumani Nukus koʻchasida begona transport vositasini olib qochib, yuqori tezlikda harakatlanayotgan voyaga yetmagan qonunbuzarni yoʻlini toʻsib, oʻz jonini ayamagan holda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ogʻir oqibatni oldini olgan.
Qahramonlarcha harakat qilgan xodim ogʻir tan jarohatlar olib, shifoxonaga yotqizilgan. Koʻrsatilgan tibbiy yordam va mutaxassislarning harakatlariga qaramasdan, Xosilbek kecha, 27-fevral kuni shifoxonada vafot etgan. Marhum endigina 33 bahorni qarshilagan edi. Uning ortidan qadrli ota-onasi, ikki qiz va bir nafar oʻgʻil farzandi hamda suyukli turmush oʻrtogʻi qoldi.
Hosilbek Eshnazarov xizmatdoshlari va Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan soʻnggi manzilga kuzatilgan. IIV bayonotida keltirilishicha, uning oilasi davlat muhofazasiga olinadi.
Maʼlumot uchun, sodir boʻlgan holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 267-moddasi (transport vositasini olib qochish) 1-qismi va 104-moddasi (qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish) 3-qismi “d” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchi protsessual tartibda qamoqqa olingan.