Samarqanddagi issiqxonada yetishtirilayotgan bananning “Qirollik” navini eksport qilish rejalashtirilgan

Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash hamda eksport salohiyatini oshirish yoʻlida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada innovatsion texnologiyalar va ilmiy ishlanmalarga asoslanib, talab yuqori boʻlgan xorijiy oʻsimliklarni mahalliylashtirishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Ana shu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan loyihalardan biri banan yetishtirish hisoblanadi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Xususan, Samarqand tumanining Oʻzbekkenti mahallasi hududida “Samarqand Group” MCHJ tomonidan 2024-yilda 1 gektarga yaqin yer maydonida zamonaviy issiqxona tashkil etilgan edi. Bu yerga Turkiyadan keltirilgan va mahalliy iqlimga moslashtirilgan bananning 1,5 ming tup “Qirollik” (“Korolevskiy”) navi ekilib, oʻsha yilning oʻzida 15 tonna hosil olindi.

2025-yilda orttirilgan tajriba asosida agronomik tadbirlar takomillashtirilib, hosildorlik ikki barobar oshirildi va 30 tonna sifatli banan yetishtirildi. Mahsulotlar hozirda ichki bozorlarga va savdo nuqtalari orqali aholiga yetkazilmoqda.

Plantatsiyada tropik ekinlarni issiqxona sharoitida mahalliy iqlimga moslashtirish boʻyicha ilgʻor agrotexnologiyalar joriy etilgan. Zamonaviy parvarish tizimi, harorat va namlikni avtomatik boshqarish, oʻsimliklarni oziqlantirishning ilmiy asoslangan usullari hosildorlikning yuqori boʻlishini taʼminlamoqda.

Shuningdek, kelgusida resurs tejamkor texnologiyalarni qoʻllash, oʻsimliklarni oziqlantirishda suyakdan tayyorlangan organik oʻgʻitlardan samarali foydalanish koʻzda tutilgan.

Ikki yillik muvaffaqiyatli tajriba asosida issiqxona xoʻjaligini kengaytirish va banan yetishtirish hajmini oshirish, yangi issiqxonalar barpo etish va mahsulotlarni tashqi bozorlarga eksport qilish ham rejalashtirilgan.

Bunday innovatsion loyihalar nafaqat yil davomida barqaror hosil olish imkonini beradi, balki suv va energiya resurslaridan samarali foydalanish, mehnat unumdorligini oshirish va yuqori qoʻshilgan qiymat yaratishga, eng muhimi iqtisodiyotni rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirishga xizmat qiladi.