O‘zbekiston Xitoyga olib boruvchi temiryo‘li qurilishi uchun 255 mln dollar ajratadi

14.07.2024 00:00 IPAK YO‘LI 5

1400__100_3785839490

“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temiryo‘li loyihasini amalga oshirish uchun tuzilgan qo‘shma kompaniyada O‘zbekiston ulushining bir qismini shakllantirish uchun 255 mln dollar (shundan 14 mln dollari – 2024 yilda) ajratilmoqda.

O‘zbekiston prezidentining qarori bilan, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temiryo‘li loyihasini birgalikda amalga oshirish bo‘yicha imzolangan hukumatlararo bitim tasdiqlandi.

Qarorga ko‘ra, temiryo‘l qurilishi bo‘yicha qo‘shma loyiha kompaniyasining ustav kapitalidagi O‘zbekiston hukumati ulushining bir qismini shakllantirish uchun 255 mln dollar ajratiladi.

Bu mablag‘ Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining krediti shaklida, 7 yillik imtiyozli davr bilan 15 yil muddatga, yillik 5 foiz stavkada “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga bosqichma-bosqich ajratiladi.

255 million dollarning 14 mln dollarlik qismi 2024 yilda ajratishi ko‘zda tutilgan.

Loyiha uchun, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan ham mablag‘ yo‘naltirilishi qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi bitim shu yil 6 iyunda Pekinda imzolangan edi.

Bitimga muvofiq, temiryo‘l “Qashg‘ar – Torugart – Makmal – Jalolobod – Andijon” yo‘nalishi bo‘ylab o‘tadi.