Samarqandning yoʻldosh shaharchasi hisoblangan Qorasuv massivi bugungi kunda aholi eng koʻp istiqomat qiladigan hududlardan biri. Bu yerdagi aholi uchun muhim ijtimoiy infratuzilma obyektlaridan biri — zamonaviy “Eko bozor” faoliyatini boshladi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Viloyat hokimi Adiz Boboyevning Qorasuv massivida mahalla fuqarolar yigʻinlari faollari hamda “mahalla yettiligi” vakillari bilan oʻtkazgan uchrashuvida massivda aholi uchun bozor yoʻqligi masalasi koʻtarilgan edi. Ushbu masala oʻrganilib, massiv markazida zamonaviy “Eko bozor” tashkil etish boʻyicha masʼullarga topshiriqlar berilgan edi. Oradan koʻp vaqt oʻtmay, hudud markazida joylashgan va foydalanilmay turgan bino qayta taʼmirlanib, unda meva-sabzavot hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari savdosiga ixtisoslashgan “Eko bozor” tashkil etildi. Yangi bozor zamonaviy talablarga javob beradigan infratuzilma, qulay savdo rastalari va sanitariya sharoitlari bilan taʼminlangan boʻlib, bu yerda sotuvchi va xaridorlar uchun barcha qulayliklar mavjud.
Bozorning ochilish marosimida ishtirok etganlar aholi uchun qulay sharoitlar yaratish masalasi davlatimizning doimiy eʼtiborida ekanligini taʼkidlashdi. Shuningdek, bunday loyihalar hudud aholisi turmush darajasini yaxshilash, yangi ish oʻrinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Endilikda Qorasuv massivida istiqomat qiluvchilar oʻzlariga yaqin hududda, barcha qulayliklarga ega zamonaviy bozordan foydalanish imkoniyatiga ega boʻldilar. Bu esa ularning uzogʻini yaqin, ogʻirini yengil qiladi.