Madaniyat markazi foydalanishga topshirildi

Xorazm viloyatining eng chekka hududi hisoblangan Tuproqqalʼa tumanida aholining madaniy hordiq chiqarishi, yoshlarning ijodiy salohiyatini rivojlantirish hamda milliy qadriyatlarni targʻib etishga xizmat qiluvchi zamonaviy madaniyat markazi qurilib, foydalanishga topshirildi. Qariyb 3,5 milliard soʻm mablagʻ evaziga bunyod etilgan, 200 oʻrinli mazkur markazida toʻgarak mashgʻulotlari, turli madaniy-maʼrifiy tadbirlarni oʻtkazish uchun barcha imkoniyatlar yetarli. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

-Ilgari faoliyatimizni vaqtincha 6-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabi binosida davom ettirib kelayotgan edik, - deydi madaniyat markazi rahbari Ruslan Saidov. – Oʻzimizning binomizga ega boʻlishimiz jamoamizning ish samaradorligiga , yangi iqtidorlarni izlab topib yuzaga chiqarishimizga yordam beradi. Yana bir eʼtiborli tomoni, madaniyat markazimiz Munis Xorazmiy nomli tuman istirohat bogʻi hududida joylashgan. Bu esa dam oluvchilarning madaniy hordiq chiqarishlarida yanada qulaylik tugʻdiradi. Madaniyat markazining ochilish marosimida nuroniylar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Markaz jamoasiga yangi musiqa anjomlari toʻplami topshirildi.