Xiva shahrida 25–30-aprel kunlari oʻtkazilayotgan III “Lazgi” xalqaro raqs festivali bugun, 27-aprel kuni oʻzining tantanali ochilish marosimi bilan rasman boshlandi. Mazkur nufuzli tadbir YUNESKO va TURKSOY xalqaro tashkilotlari hamkorligida tashkil etilmoqda.
Festival doirasida avval Madaniyat vazirligi vakillari, shuningdek, xalqaro va mahalliy OAV ishtirokida matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda festivalning ahamiyati, dasturi va ishtirokchilar tarkibi haqida batafsil maʼlumot berildi.
Joriy yilgi festivalda dunyoning 30 dan ortiq davlatidan tashrif buyurgan 300 nafardan ziyod ishtirokchi qatnashmoqda. Ular nafaqat oʻzbek milliy raqsi — “Lazgi”, balki turli xalqlarning anʼanaviy raqslarini ham namoyish etmoqda.
Tanlov doirasida ishtirokchilar bir nechta yoʻnalishlarda baholanadi. Gʻoliblar 2 ming, 3 ming va 5 ming AQSH dollari miqdoridagi mukofotlar, bosh sovrin sohibi esa 7 ming AQSH dollari hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanadi.
Eslatib oʻtamiz, festival doirasidagi xalqaro raqs tanlovlari allaqachon boshlangan boʻlib, tadbirlar 30-aprelga qadar davom etadi.