Buxoro shahrida zargarlikka ixtisoslashgan klaster faoliyatini boshladi. Qiymati 38 milliard soʻmni tashkil etgan bu loyihani amalga oshirishda mahalliy hamda turkiyalik investorlarning hamkorligi qoʻl keldi.Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
-Buxoro azal – azaldan zargaru zardoʻzlar yurti sifatida ham tanilgan,- deydi mazkur klasterning tantanali ochilish marosimida qatnashgan mehnat faxriysi Bahodir Toʻrayev.- Qolaversa, el orasida “Dunyoda bir nafargina ayol qolganida ham zargarga ish topiladi”, degan naql bor.Shu maʼnoda ushbu klasterning ish boshlashi xalqimizning zargarlik buyumlariga ehtiyojini qondiradi, xalq amaliy sanʼatining bu turini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtaradi, deya ishonch bilan ayta olamiz.
Kuzatishlar koʻrsatayaptiki, ichki bozorda sotilayotgan zargarlik buyumlarining bir qismi xorijdan import qilinmoqda. Vaholanki, ish oqilona yoʻlga qoʻyilsa, mahalliy zargarlik mahsulotlarini dunyo bozoriga chiqarish imkoniyati bor. Klaster shu maqsad yoʻliga ham xizmat qiladi.Negaki, buxorolik hunarmandlar qoʻlidan chiqqan zebu ziynatlar nafisligi va soddaligi bilan ajralib turadi.
Bevosita klasterga toʻxtaladigan boʻlsak, u yiliga 300 kilogrammgacha zargarlik buyumi ishlab chiqara oladi. 100 ta yangi ish oʻrni yaratilgani ham eʼtiborga molik.
Ushbu loyiha davlatimiz rahbarining 2024-yil 23-iyuldagi “Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini yanada rivojlantirish va ularning raqobatbardoshligini taʼminlash chora – tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq amalga oshirildi.