Namanganda kunduzgi parvarish xizmati tarbiyalanuvchisi YTHda vafot etdi

Namangan viloyati Norin tumanida kunduzgi parvarish xizmati tarbiyalanuvchilarini markazga olib ketayotgan mashina yoʻl-transport hodisasiga uchradi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, voqea kecha, 18-fevral kuni soat 08:30 lar atrofida Norin tumanida joylashgan “Umid chirogʻi” kunduzgi parvarish xizmati tarbiyalanuvchilarini markazga olib ketish jarayonida yuz bergan. Bu vaqtda transport vositasida 6 nafar bola boʻlgan.

Hodisa oqibatida tarbiyalanuvchilardan biri — 2015-yilda tugʻilgan Sh.X. ogʻir tan jarohati olib vafot etgan. Qolgan 5 nafar bolaga Norin tuman tibbiyot birlashmasida birinchi tibbiy yordam koʻrsatilgan. Bildirilishicha, hozirgi vaqtda ularning holati qoniqarli deb baholanmoqda.

“Agentlik mazkur holatni chuqur afsus bilan qabul qiladi va marhumaning oilasiga chuqur taʼziya bildiradi”, deyiladi xabarda.

Hozirda holat yuzasidan tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.