Talaba xazon bargidan foydalanib ekologik toza mahsulot ishlab chiqarish texnologiyasini yaratdi

Buxoro davlat universiteti tabiiy fanlar va agrobiotexnologiya fakulteti 3 – bosqich talabasi Jahongir Nazarov kuzgi xazon barglari vositasida ekologik toza qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqarishga oid innovatsion gʻoyani ilgari surib, aytsa arzigulik natijaga erishdi. Izlanuvchan yurtdoshimiz laboratoriya sharoitida maxsus texnologik jarayonlar asosida xazon barglarni qayta ishlab, biologik parchalanadigan qogʻoz va qadoqlash mahsulotlari tayyorlash mumkinligini isbotladi.Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Viloyat oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi shoʻba mudiri I. Murodovning taʼkidlashicha, ushbu mahsulotlar plastik qadoqlash vositalariga muqobil boʻlib, tabiatga ziyon yetkazmasligi va qisqa vaqt ichida tabiiy ravishda parchalanishi bilan eʼtiborga loyiq.Qolaversa, gap amalda foydalanilmayotgan, chiqit sifatida qaralayotgan, ayrim hollarda esa yoqib yuboriladigan kuzgi xazon barglarini qayta ishlash haqida bormoqda. Shu yoʻl bilan ekologik muammolarning biriga yechim topish mumkin.

-Dastavval Buxoro shahridagi 31 -, keyin esa 38 – umumiy oʻrta taʼlim maktabida tahsil olganman,- deydi Jahongir Nazarov. – Bolaligim kimyo laboratoriyalarida oʻtgan, desam mubolagʻa qilmagan boʻlaman. Negaki, rahmatli otam Ilhom Nazarov Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutining kimyo kafedrasi mudiri edilar. U kishi kimyo fanlari nomzodi sifatida samarali ilmiy izlanishlar olib borgan. Otamdan olgan saboqlarim menga asqatmoqda.Ular ishini davom ettirish niyatidaman.

Jahongir hali yosh boʻlishiga qaramay ilmda boshqalar yurmagan yoʻldan borishga, kreativ fikrlashga intiladi. Ushbu gʻoya tugʻilganida “Sendan ham aqlliroq, bilimli kishilar buni eplay olishmagan”, deya tanbeh berganlar ham boʻldi. Ammo qatʼiyatli yigit buni uddaladi. Agar u taklif qilayotgan loyiha amaliyotda qoʻllanilsa, oʻnlab yangi ish oʻrinlari yaratiladi, mahalliy xom ashyoni qayta ishlash orqali ekologik toza mahsulotga boʻlgan talab ham qondiriladi.