Namangandagi MCHJ binosida yirik yongʻin sodir boʻldi

Ushbu yongʻin natijasida binoning shift tom qismidan 90 kv.m. maydoni yonib zararlangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan shahri hududida yirik yongʻin boʻlayotgani aks etgan videotasvirlar keng tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi maʼlumot berdi.

Unda aytilishicha, bugun, 4-fevral kuni soat tungi 02:46 da Namangan shahar, “Shodlik” MFY, Toʻraqoʻrgʻon koʻchasida joylashgan MCHJ binosida yongʻin boʻlayotganligi toʻgʻrisida viloyat FVBga murojaat kelib tushgan.

Mazkur murojaatga asosan yongʻin qutqaruv ekipaji soat 02:52 da etib borib, soat 02:57 da yongʻin oʻrab olingan va soat 03:45 da toʻliq oʻchirilgan.

Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi taqdim qilgan maʼlumotga koʻra, ushbu yongʻin natijasida binoning shift tom qismidan 90 kv.m. maydoni yonib zararlangan. Yongʻin oqibatida kuyish, tan jarohati olish holatlari aniqlanmagan.