Andijon shahrida 40 ta zamonaviy elektrobus qatnovi yoʻlga qoʻyilmoqda

Elektrobuslar elektr energiyasida ishlashi tufayli havoga zararli moddalar chiqarmaydi, shovqin darajasi past boʻlib, shahar ekologiyasiga toʻliq mos keladi.

Andijon shahrida jamoat transporti sohasini yangilash, aholi uchun qulay, ishonchli va ekologik xavfsiz qatnovni taʼminlash yoʻlida tizimli chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. Shu yoʻnalishda Xitoy Xalq Respublikasida ishlab chiqarilgan “CAMBELL” rusumidagi 40 ta zamonaviy elektrobus viloyatga olib kelinib, reja asosida shahar yoʻnalishlariga joylashtirilmoqda. Bu haqda “Xalq soʻzi” nashri veb sayti xabar berdi.

Ushbu yangi transport vositalari yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash, qatnov jarayonini samarali tashkil etish hamda shahar infratuzilmasini zamon talablariga moslashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

— Elektrobuslarning yangi yoʻnalishlar boʻylab harakatlana boshlashi fuqarolar tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilinmoqda, — deydi yoʻlovchi Isomiddin Xotamov. — Ayniqsa, ularning Oltinkoʻl tumanidagi Mebelchilar sanoat hududidan Andijon shahri markazi tomon qatnovi ishga qatnaydigan aholi uchun katta yengillik yaratdi. Yoʻnalish ochilganidan soʻng kundalik harakatimiz ancha osonlashdi. Bugungi kunda transport oqimi jadallashib, avtobus eng xavfsiz va ishonchli qatnov vositasiga aylanganini inobatga olsak, bu juda muhim imkoniyatdir.

Elektrobuslar elektr energiyasida ishlashi tufayli havoga zararli moddalar chiqarmaydi, shovqin darajasi past boʻlib, shahar ekologiyasiga toʻliq mos keladi. Mazkur tashabbus Andijon shahrida jamoat transporti xizmatlari darajasini yuksaltirish, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda aholi uchun yanada qulay va zamonaviy qatnov muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda.