Namanganda yosh ixtirochilar tomonidan urugʻ undirishning zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimi yaratildi

Mutaxassislar taʼkidlashicha, “AgroTec” qurilmasi anʼanaviy usullarga nisbatan uch barobar tez ishlaydi hamda 95 foizgacha samaradorlikni taʼminlaydi.

Yoshlarga bilim olish, ilmiy izlanish olib borish va oʻz qobiliyatlarini namoyon etish uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar ularni maktab taʼlimi davridayoq innovatsion gʻoyalar ustida ishlashga undamoqda. Uchqoʻrgʻon tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabning iqtidorli oʻquvchilari — Nafisa Dilmurodova, Muhammadaziz Mamajonov hamda Faxriddin Fayziyevning saʼy-harakatlari bunga yaqqol misol boʻla oladi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Ular qishloq xoʻjaligi sohasida muhim amaliy ahamiyatga ega boʻlgan innovatsion “AgroTech” qurilmasini yaratishga muvaffaq boʻlishdi. Mazkur ishlanma urugʻlarni atigi 48 soat ichida ekishga tayyor koʻchat holatiga keltirish imkonini beradi. Anʼanaviy urugʻ undirish usullariga muqobil ravishda ishlab chiqilgan ushbu qurilma zamonaviy agrotexnologiyalar asosida yaratilgani bilan ajralib turadi.

“AgroTech” qurilmasi ishlash jarayonida dastlab urugʻlar 22–25°C haroratda 24 soat davomida undiriladi. Keyingi bosqichda esa maxsus fitoled nurlar yordamida fotosintez jarayoni kuchaytirilib, oʻsimliklarning oʻsish surʼati sezilarli darajada tezlashtiriladi. Natijada oradan yana bir kun oʻtib, toʻliq shakllangan va ekishga tayyor koʻchatlar olinadi.

— Qurilmada mikroiqlim koʻrsatkichlarini aniq nazorat qilish uchun harorat va namlik sensorlaridan foydalandik, — deydi loyiha mualliflaridan biri Nafisa Dilmurodova. — Barcha jarayonlar toʻliq avtomatlashtirilgan boʻlib, boshqaruv Arduino Mega 2560 platformasi orqali amalga oshiriladi. Oʻsimliklarning oʻsish dinamikasini tahlil qilish va natijalarni oldindan bashoratlash esa sunʼiy intellekt elementlari asosida tashkil etilgan.

Mutaxassislar taʼkidlashicha, “AgroTec” qurilmasi anʼanaviy usullarga nisbatan uch barobar tez ishlaydi hamda 95 foizgacha samaradorlikni taʼminlaydi. Shuningdek, u suv, energiya va vaqt resurslarini 60 foizgacha tejash imkonini berib, iqtisodiy jihatdan ham yuqori samara koʻrsatadi. Bu esa qurilmaning ekologik barqarorlikni taʼminlash va resurslardan oqilona foydalanishdagi ahamiyatini yanada oshiradi.

Ayni paytda ixtirochi oʻquvchilar ustozlari bilan hamkorlikda ushbu innovatsion ishlanmani amaliyotga joriy etish, uni rasmiylashtirish va qishloq xoʻjaligi sohasida keng tatbiq etish masalalari ustida ish olib bormoqdalar.